Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti haqida

Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti haqida

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning PQ-4811-son qaroriga muvofiq, mintaqada yagona davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi, yaʼni Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) tashkil etildi.
Institut faoliyatining asosiy vazifalari va yoʼnalishlariga zamonaviy sivilizatsiyalar xilma-xilligi va mintaqani barqaror rivojlantirish jarayonlarini tadqiq etish, jumladan:
- Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida tashqi va ichki siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning asosiy zamonaviy tendentsiyalarini oʼrganish;
- Markaziy Osiyo davlatlari oʼrtasidagi hamkorlikning siyosiy- huquqiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar va boshqa jihatlarini, shuningdek mintaqa davlatlari oldida turgan umumiy, shu jumladan savdo va investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport va tranzit, qishloq xoʼjaligi, turizm, ilm-fan va madaniyat, tibbiyot, suv - energetika resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish sohalaridagi hamda xavfsizlik borasidagi vazifalarni birgalikda hal etish istiqbollarini tahlil qilish;
- mintaqada investitsiyaviy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilish, "yashil texnologiyalarni qoʼllash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, "raqamli" iqtisodiyotni istiqbollarini oʼrganish;
- Markaziy Osiyoning tarixiy- madaniy merosini tadqiq etish, mintaqa mamlakatlari va xorijiy davlatlarning madaniy, maʼnaviy va milliy qadriyatlarni saqlab qolish hamda millatlararo bagʼrikenglik, shu jumladan "xalq diplomatiyasining" turli shakllaridan foydalangan holda mustahkamlash boʼyicha tajribasini oʼrganish;
- xalqaro konferentsiyalar, seminarlar va "davra suhbatlari", turli uchrashuvlar oʼtkazish, yetakchi xorijiy tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarni amalga oshirish. 
- investitsiya va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, talab darajasidagi qulay shart-sharoitlar yaratish boʼyicha takliflarni ishlab chiqish;
Yuqori darajali xorijiy tajribaga asoslanib, Markaziy Osiyo xalqaro instituti umumiy boshqaruvini Markaziy Osiyo mamlakatlari va xorijiy davlatlarning taniqli jamoat va fan arboblaridan iborat Vasiylik kengashi amalga oshiradi.
Oʼzbekiston tashqi ishlar vaziri Vasiylik kengashi raisi hisoblanib, Markaziy Osiyo xalqaro instituti xalqaro aloqalari va nufuzli xorijiy institutlar va tahliliy doiralar bilan hamkorligini rivojlantirishga hissa qoʼshadi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti ilmiy obʼektivlik, ishonchlilik va dolzarblilik tamoyillariga asoslangan mustaqil tadqiqot muassasasi sifatida faoliyat yuritadi.
 Institutda Markaziy Osiyo mintaqasi bilan bogʼliq sohalarda tahlil, iqtisodiyot, energetika, ekologiya, madaniy-gumanitar tadqiqotlar boʼyicha tajribaga ega ilmiy-tahlil mutaxassislari faoliyat olib boradi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti xodimlari zaruriy obʼektivlik va xolislikni taʼminlash maqsadida, davlat va xususiy sektor vakillari, fuqarolik jamiyati, Oʼzbekistonning nufuzli olimlari va mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Institut Markaziy Osiyo va boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, shuningdek Markaziy Osiyo muammolari bilan shugʼullanadigan xalqaro tashkilotlar ekspertlari bilan keng qamrovli aloqalar oʼrnatishni maqsad qilib olgan.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti mintaqa davlatlarining umumiy oʼzaro manfaatlari yoʼlida yaqin ilmiy tadqiqotlar va ekspertlar hamkorligini oʼrnatish hamda mustahkamlashga koʼmaklashish uchun moʼljallangan.