Tomonlar Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, YXHT doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari, shuningdek, ekspert-tahliliy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Javlon Vaxabov mintaqaviy jarayonlarni chuqur anglash va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilashda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikning alohida ahamiyatini ta’kidladi. Tashkilotlar o‘rtasidagi muntazam muloqot o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ekspert baholari bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘z navbatida, Antti Karttunen dunyoda keskinlik va geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyo davlatlararo munosabatlarda izchil ijobiy o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan sanoqli mintaqalardan biri sifatida ajralib turishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari tomonidan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilgan yutuqlar xalqaro hamjamiyatning keng e’tiboriga sazovor bo‘lgan qimmatli tajriba hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish, ekspertlar hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.