Uchrashuv davomida Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, energetika, strategik ahamiyatga ega minerallar hamda ta’lim yo‘nalishlarida ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sh. Fayziyev Hindiston tomoniga Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi. Mintaqada kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar Hindiston bilan amaliy aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda qo‘shma tadqiqotlarning muhim ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, A. Chauxan Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarini bog‘lab turuvchi chuqur tarixiy va madaniy rishtalar o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlik, avvalo, birgalikdagi faoliyatning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilishi lozim.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va ekspertlar ishtirokida tadbirlar tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Vivekananda xalqaro jamg‘armasi (VIF) — 2009-yildan buyon faoliyat yuritayotgan Hindistonning mustaqil tahliliy markazi. Jamg‘arma milliy xavfsizlik va davlat boshqaruvi sohalaridagi yetakchi hindistonlik mutaxassislarni birlashtiradi. Hindiston davlat idoralari uchun tahliliy tadqiqotlar olib borish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Har chorakda “National Security” jurnalini nashr etadi.