Suhbat davomida tomonlar Markaziy Osiyoda transport va energetik bog‘liqlikni rivojlantirish, O‘rta koridor hamda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining istiqbollari, shuningdek, “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Azime Telli O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, transport va energetika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, shuningdek, Markaziy Osiyoda transchegaraviy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil may oyida Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammitida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘rta koridorni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lash masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil energetika koridori”ni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tashkilot ekspertlari o‘rtasida tizimli ilmiy-tadqiqot hamkorligini yo‘lga qo‘yish, jumladan, energetika, transport va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda ekspertlik tadbirlarini tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Mersin universiteti – 1992-yilda tashkil etilgan Turkiyaning davlat oliy ta’lim muassasasi. Universitet Mersin shahrida joylashgan bo‘lib, Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi (European University Association, EUA) a’zosi hisoblanadi.