Voqealar
20.10.2026
|
256
MOXI va Sasseks universiteti institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Sasseks universiteti Osiyo markazi direktori, professor Magnus Marsden bilan uchrashdi.

Suhbat davomida Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya tadqiqotchilari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspertlar almashinuvi, tadqiqot usullarini takomillashtirish hamda mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha akademik tadbirlar tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

J.Vaxabov tahlil markazlari va universitetlar o‘rtasidagi bevosita hamkorlik mintaqaviy jarayonlarni chuqur bilish bilan xalqaro akademik tajribani birlashtirish va tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini oshirish imkonini berishini ta’kidladi.

M. Marsden Sasseks universiteti Markaziy Osiyodagi tadqiqot muassasalari bilan aloqalarni kengaytirish va bilim hamda tajriba almashishga asoslangan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida MOXI va Sasseks universiteti Osiyo markazi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Hujjat qo‘shma tadqiqotlar, ekspertlar almashinuvi, konferensiya va seminarlar o‘tkazish, shuningdek, o‘zaro manfaatli boshqa tashabbuslarni amalga oshirish uchun institutsional asos yaratadi.

Tomonlar imzolangan Memorandumni amalda ro‘yobga chiqarish uchun aniq hamkorlik yo‘nalishlari va loyihalarni belgilashga kirishishga kelishib oldi.

Sasseks universiteti Osiyo markazi — Osiyo va mintaqalararo aloqalarni o‘rganishga ixtisoslashgan nufuzli Britaniya tadqiqot markazi. Markaz taniqli olimlarni birlashtiradi, jumladan, Yevropa tadqiqot kengashi ko‘magida yirik xalqaro loyihalarni amalga oshiradi hamda Yevropa va Osiyoda keng hamkorlar tarmog‘iga ega. Uning faoliyatida Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Xitoy va Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab zamonaviy aloqalarni o‘rganish alohida o‘rin tutadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn