SHHT tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbir Shanxay siyosiy fanlar va huquq universiteti hamda Xitoy xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan SHHT Huquqiy tayyorgarlik va hamkorlik markazi negizida tashkil etildi.
Forum ishida SHHTga a’zo davlatlar tahlil markazlari vakillari va akademik doira tadqiqotchilari, shuningdek, Ozarbayjon, Gruziya va Italiyadan kelgan mutaxassislar hamda BMT Universiteti vakillari ishtirok etdi.
A.Toshev Forumda so‘zga chiqib, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini bayon qildi.

Ekspert ta’kidlaganidek, jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi sharoitida aynan transport o‘zaro bog‘liqligi mintaqa davlatlarining barqaror o‘sishi va raqobatbardoshligini ta’minlovchi asosiy omilga aylanmoqda. Shu bois O‘zbekiston “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li hamda Transafg‘on transport yo‘lagi kabi loyihalarga alohida ahamiyat qaratmoqda. Ushbu loyihalar SHHT makonida yagona transport tarmog‘ini shakllantirishga xizmat qiladi.

Yakunda Azamat Toshev SHHT mamlakatlari tahlil markazlarining muhim rolini alohida qayd etib, mintaqadagi infratuzilmaviy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha umumiy deklaratsiyalardan amaliy yechimlarga tezroq o‘tish zarurligini ta’kidladi.
