Voqealar
22.04.2026
|
431
MOXI vakillari Samarqand global forumida ishtirok etdi
Joriy yilning 20-aprel kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bo‘lim boshlig‘i Q. Allaberganov va yetakchi ilmiy xodimi B. Salomov Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Jamiyat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotik moddalar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forumda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi vakillari, Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari, shuningdek xalqaro tashkilotlar (EXHT, CARICC, BST, Yevropa Ittifoqi, INTERPOL, SHHT, MDH va boshqalar) hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Jami 50 ta davlatdan 500 nafardan ortiq delegat qatnashdi.

Tadbir doirasida narkotik moddalar noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq global va mintaqaviy tendensiyalar, yoshlar o‘rtasida narkotiklar iste’molining oldini olish choralari, davolash, reabilitatsiya va ijtimoiy reintegratsiya tizimlarini rivojlantirish, shuningdek narkotahdidlarga qarshi kurashda raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

So‘zga chiqqan ekspertlar asosan kuch ishlatishga asoslangan yondashuvlardan kompleks strategiyaga o‘tish zarurligini ta’kidlab, unda narkojinoyatchilikning moliyaviy asoslarini izdan chiqarish hamda sun’iy intellekt vositalaridan keng foydalanish muhimligini qayd etdilar.

Ishtirokchilar narkotahdidlarga samarali qarshi kurash faqat xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakatlari, huquqni muhofaza qilish yondashuvlarini uyg‘unlashtirish va idoralararo tezkor ma’lumot almashinuvi asosida mumkinligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy ekspertlar va tadqiqotchilar hamkorligini chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi. Bu, jumladan, ixtisoslashgan tahililiy markazlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish orqali zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kelishilgan takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Forum yakunlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda narkobiznesga qarshi kurashning yangi strategiyasiga o‘tish — xalqaro hamkorlikni kengaytirish, noqonuniy moliyaviy oqimlarni to‘xtatish, profilaktika va reabilitatsiyani rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom