Uchrashuv davomida ikki tahliliy markaz o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, jumladan, mintaqaviy rivojlanish, iqtisodiyot, logistika va energetika yo‘nalishlarida qo‘shma ekspert tadbirlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Sh. Fayziyev ORF rahbariyatiga “Markaziy Osiyo – Hindiston” tahliliy markazlarining birinchi forumini tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi. Mazkur forum ekspertlar muloqotini mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi.

Shuningdek, u Hindiston tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi. Mintaqada kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar Hindiston bilan amaliy aloqalarni, xususan, ekspertlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganiga e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida, X. Pant O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilgan natijalarni yuqori baholadi. Uning fikricha, Markaziy Osiyodagi ijobiy o‘zgarishlar Hindiston bilan sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Shuningdek, u “Markaziy Osiyo – Hindiston” tahliliy markazlarining birinchi forumi muntazam ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratganini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va ekspertlar ishtirokida tadbirlar tashkil etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Observer Research Foundation (ORF) — Hindistonning 1990-yilda tashkil etilgan mustaqil tahliliy markazi. Har yili “Raisina Dialogue” xalqaro konferensiyasini tashkil etadi hamda “ORF Global Quarterly” nomli har choraklik tahliliy nashrni chop etadi.