Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot. Mintaqa uchun odatdagi o‘zaro savdo-sotiqning o‘zi endi yetarli emas. Shu bois Prezident birgalikda yakuniy mahsulot yaratishga o‘tishni taklif etdi. Bir nechta mamlakat korxonalari yagona ishlab chiqarish zanjirida ishtirok etganida, ularning iqtisodiyotlari o‘rtasida yanada mustahkam va uzoq muddatli aloqalar shakllanadi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha platforma yaratish hamda 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif qilindi.
O‘z atrofida iqtisodiy faollikni shakllantiradigan transport. Yangi transport yo‘laklari yagona tizim sifatida ishlashi kerak. Ular bo‘ylab ishlab chiqarish, logistika obyektlari va sanoat zonalarini rivojlantirish orqali yo‘nalishlar o‘tadigan har bir davlat ko‘proq iqtisodiy samara oladi. O‘zbekiston Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengashning birinchi majlisini o‘tkazishga tayyor.
Resurslar — umumiy ustunlik. Mintaqaning energetika salohiyati xilma-xilligi mamlakatlarga bir-birini to‘ldirish imkonini beradi. Kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiya yangi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va energetika yo‘laklarini yaratishni muvofiqlashtirishga yordam beradi. Muhim minerallar sohasida Prezident Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyansni tashkil etish ishlarini faollashtirish hamda Markaziy Osiyoning muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratishni taklif etdi. Bu investorlarga mintaqaning birgalikda harakat qilishga tayyorligini ko‘rsatadi.
Suv va toza havo. Suv taqchilligi kuchayib borayotgan sharoitda aniq hisob yuritish va yo‘qotishlarni kamaytirish mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishning asosiy yo‘liga aylanmoqda. Shu bois raqamli monitoring va suvni tejaydigan texnologiyalarga e’tibor qaratildi. Kelgusi yildan O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida raislikni qabul qilib oladi. Havoning ifloslanishiga qarshi kurashish uchun esa «Markaziy Osiyo toza havosi» xalqaro konsorsiumini tashkil etish taklif qilingan.
Sun’iy intellekt davrida mintaqa. Milliy ma’lumotlar markazlarini Umumiy hisoblash infratuzilmasiga birlashtirish hisoblash quvvatlaridan samaraliroq foydalanish va mintaqaning o‘z raqamli mahsulotlarini rivojlantirish imkonini beradi. Bu sohada qo‘shma yechimlar yirik infratuzilmaviy qurilishga qaraganda tezroq natija berishi mumkin.
Kelajak uchun kompetensiyalar. Talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasi universitetlar hamda kasb-hunar ta’limi muassasalariga iqtisodiyotning real ehtiyojlarini hisobga olgan holda mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi. Istiqbolda esa mintaqa mamlakatlaridagi aniq yirik loyihalar uchun kadrlar tayyorlash imkonini yaratadi.
Mintaqa chegaralaridan tashqarida. Markaziy Osiyo qo‘shni mintaqalar bilan aloqalarini mustahkamlamoqda. Kelgusi yilda Toshkentda «Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lidagi mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi» xalqaro konferensiyasi o‘tkazilib, ushbu kun tartibini batafsil muhokama qilish taklif etilmoqda.
Prezident hamkorlikning asosiy tamoyilini sodda formula bilan ifodaladi: «Taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch».
Batafsil: https://president.uz/oz/lists/view/9696