Osiyo texnologik ishonch tashabbusi: milliy strategiyalardan sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanishning umumiy qoidalariga
20.10.2026
|
247
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bokuda bo’lib o’tgan Osiyoda o’zaro hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash (OHIChK) 7-sammitida so’zlagan nutqida Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo’yicha Osiyo tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu tashabbusni taqdim etar ekan, Davlat rahbari «sun’iy intellekt kundalik hayotimizni jadal sur’atlarda o’zgartirib, cheksiz imkoniyatlar ochmoqda, biroq ayni paytda jiddiy xatarlarni ham yuzaga keltirmoqda», deb ta’kidladi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida Prezident OHIChK doirasida a’zo davlatlar mutaxassislari «umumiy tavsiyalar ishlab chiqishi va amaliy chora-tadbirlarni kelishib olishi» mumkin bo‘lgan ekspertlar platformasini tashkil etishni taklif qildi.

Tashabbusning alohida ahamiyati shundaki, u OHIChKning an’anaviy kun tartibini kengaytirib, sun’iy intellektni tartibga solish va undan foydalanish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Bunday yondashuv davlatlarning SI sohasidagi milliy siyosatni mustaqil belgilash huquqini saqlab qolgan holda, xatarlarni umumiy tushunishni shakllantirish va o’zaro hamkorlikning amaliy mexanizmlarini kelishishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbarining g'oyasi global va mintaqaviy darajada allaqachon kechayotgan jarayonlarga asoslanadi. Bunga misol tariqasida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2024-yil martida «xavfsiz, himoyalangan va ishonchli SI tizimlari» to’g’risidagi rezolyutsiyaning, shuningdek, ASEAN davlatlari tomonidan o’sha yilning fevralida «SIni boshqarish va etikasi bo’yicha qo’llanma»ning qabul qilinishini keltirish mumkin.

Ayni paytda O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt uchun zarur hisoblash infratuzilmasi shakllantirilib, ushbu texnologiyalardan amaliy foydalanish ko‘lami kengaymoqda.

Xususan, 2025-yilda milliy superkompyuter loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish doirasida Amerikaning NVIDIA kompaniyasi bilan hamkorlikda birinchi kichik superkompyuter ishga tushirildi.

Bundan tashqari, joriy yilning avgust oyida orbitaga chiqarilgan Samarkand-2028 sun’iy yo’ldoshi atrof-muhit, qishloq xo’jaligi ekinlari va tabiiy resurslar monitoringida foydalaniladigan sun’iy yo’ldosh ma’lumotlarini qayta ishlash uchun SI moduli bilan jihozlangan.

Shunga o’xshash loyihalar Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham rivojlanmoqda. Qozog‘istonda 2025-yilning iyul oyida milliy til modellarini ishlab chiqish uchun hisoblash bazasini yaratishga xizmat qiluvchi «Alem.Cloud» milliy superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Shu bilan birga, hisoblash resurslari va SI-agentlarni yaratish vositalaridan foydalanish imkonini beruvchi Milliy SI platformasi ishga tushirildi.

Tojikistonda 2025-yil iyun oyida gidroenergiyada ishlaydigan «darya.ai» hisoblash klasteri foydalanishga topshirildi, joriy yilning yanvarida esa Dushanbeda sun’iy intellekt sohasidagi yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishga yo’naltirilgan «Area AI» loyiha xabi ishga tushirildi.

Qirg‘izistonda fuqarolarga milliy qonunchilikni hisobga olgan holda huquqiy va moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatlar beruvchi «Akılay» sun’iy intellekt xizmati yo‘lga qo‘yildi. Turkmanistonda esa joriy yilning iyun oyidan boshlab Davlat bojxona xizmati bojxona to‘lovlarini avtomatlashtirilgan tarzda hisoblashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanmoqda.

OHIChKga a’zo davlatlarda milliy sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgani mazkur tashabbusning dolzarbligini yanada oshirmoqda. Bunga tegishli loyihalarning amalga oshirilishi, mutaxassislar tayyorlanishi va SIning amaliy qo’llanilishi kengayishi texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, Tashkilot doirasida kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun zamin yaratmoqda.

Bunday sharoitda OHIChK doirasida umumiy ekspert maydonining tashkil etilishi milliy yondashuvlarni yaqinlashtirish, tajriba almashinuvini ta’minlash hamda sun’iy intellekt sohasida kelishilgan harakatlar uchun asos yaratish imkonini beradi.

Shunday qilib, tashabbusning amaliy ahamiyati o‘zaro bog‘liq uchta asosiy jihat bilan belgilanadi. Birinchidan, bu sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, jumladan, tizimlar xavfsizligi, ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish va texnologiyalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olish bo‘yicha umumiy tavsiyalar ishlab chiqish mexanizmini yaratadi. Ikkinchidan, tashabbus raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va butun Osiyo qit’asida texnologik o’zaro bog’liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Uchinchidan, bu texnologik tengsizlikni qisqartirishga ko’maklashadi. Bu esa sun’iy intellekt sohasidagi salohiyati cheklangan davlatlarga mavjud me’yorlarni qo‘llash bilan cheklanib qolmasdan, sun’iy intellekt modellarini tartibga solish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishda ham ishtirok etish imkonini beradi

Yakuniy natijada, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus texnologik jihatdan rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini hisobga oluvchi sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha umumosiyo kun tartibini shakllantirishga turtki berishi mumkin. Bu esa OHIChKning sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish hamda a’zo davlatlar o‘rtasida texnologik hamkorlikni kengaytirish platformasi sifatidagi rolini mustahkamlaydi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn