O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» ko‘p tomonlama formati
19.09.2026
|
79
Zamonaviy dunyo jadal o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda: geosiyosiy konfiguratsiyalar o‘zgarib, jahon savdosidagi ziddiyatlar kuchaymoqda, yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat tobora avj olmoqda, beqarorlik esa yangi-yangi hududlarni qamrab olmoqda.

Xalqaro munosabatlarning tobora parchalangan bir sharoitida Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jahon iqtisodiyotining transformatsiyasi va yangi ishlab chiqarish-logistika zanjirlarining shakllanishi sharoitida mintaqa tashqi iqtisodiy hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bunga uning qulay geografik joylashuvi, salmoqli resurs salohiyati hamda yangi ishlab chiqarish va transport-logistika aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari sabab bo‘lmoqda.

Koreya Respublikasi Markaziy Osiyoni nafaqat istiqbolli sotuv bozori va strategik mineral resurslar manbai, balki tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish va yuqori texnologiyali hamkorlikni ilgari surishning muhim yo‘nalishi sifatida ham ko‘radi.

Seulning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida ikki mamlakat hamkorligi asosan savdo-investitsiyaviy o‘zaro aloqalardan sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya, ta’lim, energetika va yuqori texnologiyalarni qamrab oluvchi alohida strategik sheriklik darajasigacha rivojlandi.

Hamkorlikning siyosiy-institutsional asoslari

Diplomatik munosabatlar 1992-yil 29-yanvarda o‘rnatilganidan buyon O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘zaro manfaatli hamkorlikning mustahkam institutsional asosini shakllantirib, katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda ikki tomonlama sheriklik yuqori darajadagi siyosiy muloqot, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita faoliyati, Koreya Eksimbanki va Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF)ning moliyaviy ko‘mak mexanizmlari, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) dasturlari, shuningdek, keng qamrovli ta’lim va gumanitar loyihalarga tayanadi.

Shakllangan hamkorlik tizimi parlamentlararo aloqalar, tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik, ishbilarmon doiralar va biznes kengashlari o‘rtasidagi aloqalar, ta’lim va jamoat tuzilmalari o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, tahliliy markazlar ekspertlari almashinuvini qamrab oladi.

2006-yilda strategik sheriklik o‘rnatilgach, avtomobilsozlik, gaz-kimyo sanoati, sog‘liqni saqlash, ta’lim va moliya sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish hisobiga hamkorlik sezilarli darajada kengaydi.

2019-yilda alohida strategik sheriklik darajasiga o‘tilishi bilan sifat jihatidan yangi bosqich boshlandi. Bu davrda ikki tomonlama kun tartibining markazidan raqamlashtirish, innovatsiyalar va sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari o‘rin oldi. 2023-yilda tashqi ishlar vazirlari darajasida Strategik muloqot yo‘lga qo‘yildi, 2024-yilda esa tomonlar muhim minerallar, yarimo‘tkazgich materiallari, mashinasozlik, «yashil» energetika, farmatsevtika va raqamli iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda uch yillik hamkorlik dasturini kelishib oldilar.

Ikki mamlakat strategik sherikligini mustahkamlashning muhim omillaridan biri xalq diplomatiyasidir. Bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 200 ming nafar koreys millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Ularning 300 nafardan ortig‘i yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Barcha millat va elatlar vakillari qatori koreys millatiga mansub fuqarolarimiz uchun ham milliy madaniyat, til, an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. O‘zbekistonda 20 dan ortiq koreys madaniy markazi faoliyat yuritmoqda. Koreys filologiyasi 12 ta oliy ta’lim muassasasida o‘qitiladi, koreys tili esa 48 ta maktab va litseyda o‘rganiladi.

Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasi katta ishlarni amalga oshirmoqda. Koreys tilida kitob va gazetalar nashr etilmoqda, ko‘rgazmalar, konsertlar, festivallar, ijodiy jamoalarning O‘zbekistonda va xorijda gastrol safarlari, yoshlar o‘rtasida turli sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.

2019-yilda Koreya Respublikasi Hukumatining ko‘magida Toshkent shahrida ochilgan Koreys madaniyati va san’ati uyi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi, madaniy muloqotning muhim maydoni, yoshlar va ziyolilarni o‘ziga jalb etuvchi maskanga aylandi.

Iqtisodiy hamkorlik: savdodan sanoat kooperatsiyasigacha

Iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston-Koreya sherikligining asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda. Uning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri o‘zaro savdo dinamikasi bo‘lib, so‘nggi o‘n besh yil davomida ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi.

2009–2025-yillar davomida o‘zaro savdo hajmi 1,23 milliard dollardan 1,78 milliard dollargacha oshdi yoki qariyb 45 foizga ko‘paydi. 2026-yilning yanvar–may oylarida tovar ayirboshlash hajmi 747,8 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan biroz yuqori bo‘ldi.

Investitsiyalar va moliyaviy-texnik ko‘mak iqtisodiy sheriklikning mustaqil tayanchi hisoblanadi. 2026-yil holatiga ko‘ra, Koreya investitsiyalarining jamg‘arilgan hajmi 8 milliard dollardan oshdi, Koreya Eksimbanki va uning jamg‘armalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar qiymati esa 2 milliard dollarni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi 714 ta korxona faoliyat yuritgan. EDCF yo‘nalishi bo‘yicha umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilgan yoki tayyorlangan, KOICA grantlarining 1995–2024-yillardagi umumiy hajmi esa 210 million dollarni tashkil etgan. 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar Koreya Respublikasida ta’lim va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etgan.

Savdo aloqalari, investitsiya resurslari va Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalarning keng tarmog‘i yanada chuqur sanoat kooperatsiyasiga o‘tish uchun asos yaratdi. Hozirgi bosqichda asosiy e’tibor alohida loyihalarni moliyalashtirish va uskunalar yetkazib berishdan texnologiyalarni mahalliylashtirish, qo‘shma ishlab chiqarishni kengaytirish hamda barqaror ishlab chiqarish aloqalarini shakllantirishga bosqichma-bosqich siljimoqda.

Sanoat va texnologik kooperatsiya

Sanoat kooperatsiyasi O‘zbekiston-Koreya sherikligining yangi bosqichidagi asosiy elementga aylanmoqda. Uning keyingi rivoji imzolangan kelishuvlar sonidan ko‘ra texnologik hamkorlikning chuqurligi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi va qo‘shma korxonalarning ichki hamda tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish qobiliyati bilan belgilanadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik yuqori texnologiyali tarmoqlar tomon tobora aniqroq siljimoqda. Agar ilgari hamkorlikning asosini uskunalar yetkazib berish va alohida ishlab chiqarishlarni tashkil etish tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda texnologiyalarni mahalliylashtirish, qo‘shma ishlab chiqarishni kengaytirish va O‘zbekiston korxonalarini xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Toshkent viloyatida yarimo‘tkazgich mahsulotlari bo‘yicha tadqiqot-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Hamkorlik ilk bor mavjud texnologiyalardan foydalanish bilangina cheklanmay, zamonaviy sanoatning eng ilm talab qiladigan yo‘nalishlaridan birida o‘z ilmiy-ishlab chiqarish bazasini yaratishga yo‘naltirilmoqda.

Mashinasozlik va transport sohalarida ham amaliy natijalarga erishildi. O‘zbekistonda KIA avtomobillarini ishlab chiqarish, Hyundai Rotem ishtirokidagi temir yo‘l loyihalarini rivojlantirish va servis infratuzilmasini kengaytirish oddiy texnika importidan ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirishga o‘tilayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, bunday loyihalarning keyingi samaradorligi mahalliy butlovchi qismlar ulushini oshirish, muhandislik kadrlarini tayyorlash va texnologik kompetensiyalarni O‘zbekiston korxonalariga transfer qilishga bog‘liq bo‘ladi.

Hamkorlikning yangi modeli: energetika, muhim minerallar va inson kapitali

Zamonaviy O‘zbekiston-Koreya hamkorligi uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini belgilaydigan sohalarga tobora ko‘proq yo‘naltirilmoqda. Agar avvalgi o‘n yilliklarda hamkorlikning asosiy mazmuni investitsiyalarni jalb qilish va alohida ishlab chiqarish loyihalarini rivojlantirishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda asosiy e’tibor texnologik modernizatsiya, energetik o‘tish, strategik ahamiyatga ega mineral resurslarni o‘zlashtirish va malakali kadrlar tayyorlashga bosqichma-bosqich siljimoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston energetika sektoriga katta miqdorda xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Bu elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini sezilarli darajada oshirish va infratuzilmani keng ko‘lamda yangilash imkonini berdi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish 2017-yildagi 60 milliard kVt·soatdan 2025-yilda 86,7 milliard kVt·soatgacha oshdi, qariyb 9 ming MVt yangi quvvat ishga tushirildi, qariyb 69 ming km elektr tarmoqlari modernizatsiya qilindi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energetika ham jadal rivojlanmoqda: 2025-yilda quyosh va shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish 10,5 milliard kVt·soatdan oshdi, gidroenergetikani hisobga olganda, «yashil» generatsiya hajmi 16,8 milliard kVt·soatga yetdi.

Mazkur o‘zgarishlar Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida energiyani saqlash tizimlarini joriy etish, elektr tarmoqlarini raqamlashtirish, kuch elektronikasi sohasini rivojlantirish, issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish va energetika uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni ko‘rsatish mumkin. Bunday yondashuv tayyor texnika yetkazib berishdan texnologik yechimlarni birgalikda yaratish va mamlakatning o‘z sanoat salohiyatini rivojlantirishga o‘tish imkonini beradi.

Muhim mineral resurslar ham ikki tomonlama kun tartibida alohida o‘rin egallaydi. Koreya Respublikasi uchun ular yarimo‘tkazgichlar, akkumulyatorlar, elektromobillar va zamonaviy elektronika ishlab chiqarish uchun strategik ahamiyatga ega xomashyo hisoblanadi. O‘zbekiston uchun esa bu sohadagi hamkorlik xomashyo eksportidan chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish imkoniyatini yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan, geologik qidiruv va qazib olishdan tortib materiallar, komponentlar va tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish alohida ahamiyatga ega. Aynan shunday model eng katta iqtisodiy samarani ta’minlaydi, milliy sanoatning rivojlanishiga xizmat qiladi va O‘zbekiston korxonalarini Koreya Respublikasi ishtirokida shakllantirilayotgan global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilish imkonini beradi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish inson kapitalini rivojlantirmasdan mumkin emas. Ta’lim, fan va mutaxassislar tayyorlash asta-sekin mustaqil gumanitar hamkorlik yo‘nalishidan iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.

Yillar davomida O‘zbekistonda Koreya Respublikasi bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikning keng qamrovli tizimi shakllandi. Mamlakatda Janubiy Koreyaning to‘rtta universiteti filiali faoliyat yuritmoqda, kasbiy tayyorgarlik markazlari ishlamoqda, muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va texnika yo‘nalishlarida akademik almashinuv va mutaxassislar tayyorlash dasturlari amalga oshirilmoqda. Shakllangan infratuzilma mashinasozlik, energetika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va biotexnologiyalar sohalaridagi loyihalar uchun kadrlar tayyorlash imkonini bermoqda.

Sog‘liqni saqlash ham hamkorlikning muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Koreya Respublikasi ko‘magida zamonaviy tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, farmatsevtika ishlab chiqarishi va biotexnologik tadqiqotlar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, hamkorlikni yanada rivojlantirishni nafaqat yangi obyektlar qurilishi, balki dori vositalari, tibbiy uskunalar va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bilan bog‘lash maqsadga muvofiq. Bunday yondashuv milliy sog‘liqni saqlash tizimining barqarorligini oshirish bilan birga, yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratish imkonini beradi.

Raqamli transformatsiya sohasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning elektron hukumat, raqamli davlat xizmatlari, innovatsion infratuzilma va IT-sektorini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi. Hamkorlikning keyingi bosqichi sun’iy intellekt, sanoat avtomatlashtirilishi, katta ma’lumotlarni tahlil qilish va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamli boshqarish sohalaridagi qo‘shma loyihalarni qamrab olishi mumkin. Biroq ushbu tashabbuslarning samaradorligi, avvalo, zamonaviy raqamli texnologiyalarni mustaqil ravishda joriy etish, ularga xizmat ko‘rsatish va takomillashtirishga qodir mutaxassislarni tayyorlashga bog‘liq bo‘ladi.

«Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formati: mintaqaviy sheriklikka o‘tish

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash bilan bir qatorda, mintaqaviy hamkorlik formati ham rivojlanmoqda. 2007-yilda tashkil etilgan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» hamkorlik forumi mintaqaning tashqi hamkorlar bilan muloqotining ilk doimiy mexanizmlaridan biriga aylandi. O‘tgan davr mobaynida Forumning 17 ta yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu format doirasida «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» biznes hamkorligi kengashi ham faoliyat yuritmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi hamkorlikning oltita ustuvor yo‘nalishini belgilagan: sanoatni modernizatsiya qilish, transport va logistika, energetika, iqlim o‘zgarishi va ekologiya, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatlar, ta’lim va madaniyat.

Aynan shu yo‘nalishlar ko‘p tomonlama hamkorlikning mazmuniy asosini tashkil etadi.

2017-yilda doimiy Kotibiyatning tashkil etilishi, 2024-yilda «K-Silk Road» strategiyasining qabul qilinishi va 2026-yil sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan davlat rahbarlarining birinchi sammitiga tayyorgarlik formatning siyosiy darajasi bosqichma-bosqich oshib borayotganidan dalolat beradi. Vazirlar darajasidagi o‘zaro hamkorlikdan davlat rahbarlari muloqotiga o‘tish uzoq muddatli mintaqaviy tashabbuslarni muvofiqlashtirish va yanada barqaror hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish uchun sharoit yaratadi.

Hamkorlik sezilarli iqtisodiy natijalarni ham bermoqda. Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi 1990-yillardagi 200 million dollardan so‘nggi yillarda 9 milliard dollargacha oshdi — o‘ttiz yil davomida 45 baravar ko‘paydi. Koreyaning mintaqa davlatlariga kiritgan umumiy investitsiyalari 4,08 milliard dollardan oshdi. 2023-yilda Koreya Respublikasi Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun importning to‘rtinchi yirik manbasiga aylandi.

Mintaqaviy hamkorlik istiqbollari, avvalo, muhim minerallarni o‘zlashtirish, taqsimlangan ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish, transport-logistika infratuzilmasini raqamlashtirish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish va muhandislik kadrlarini tayyorlash bilan bog‘liq.

An’anaviy, asosan alohida ikki tomonlama loyihalarga asoslangan modeldan farqli ravishda, mintaqaviy format Markaziy Osiyoning bir nechta davlatlarini qamrab oluvchi hamda ularning xomashyo, ishlab chiqarish, transport va kadrlar salohiyatini birlashtiruvchi tashabbuslarni amalga oshirish imkonini beradi.

Bunday sharoitda O‘zbekistonning roli sezilarli darajada oshishi mumkin. Katta ichki bozor, Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda to‘plangan tajriba, rivojlangan ta’lim infratuzilmasi va sanoat bazasi respublikaning Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo bilan hamkorligidagi asosiy ishlab chiqarish va ta’lim platformalaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun sharoit yaratadi.

Amaliy yo‘nalishlar sifatida muhim minerallarni qayta ishlash bo‘yicha mintaqaviy quvvatlarni yaratish, ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini rivojlantirish, qo‘shma muhandislik va ta’lim markazlarini tashkil etish, shuningdek, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish monitoringi mexanizmlarini takomillashtirishni ko‘rsatish mumkin.

Xulosa

O‘ttiz yildan ortiq hamkorlik davomida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning barqaror tizimini shakllantirdi. Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy bosqichi hamkorlikning miqdoriy kengayishidan ko‘ra uning mazmunining o‘zgarishi bilan tavsiflanadi.

Asosan uskunalar yetkazib berish va investitsiyalarni jalb qilishga tayangan model o‘rnini bosqichma-bosqich texnologik kooperatsiya, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, inson kapitalini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sheriklik egallamoqda.

2025-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur tashabbusning amalga oshirilishi mintaqaning xalqaro maydondagi yagona ovozini sezilarli darajada mustahkamlashi va hamkorlar, jumladan, Koreya Respublikasi bilan yanada tizimli Markaziy Osiyo formati doirasida hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.

«Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatining rivojlanishi ham qo‘shimcha imkoniyatlarni ochib beradi. Uning davlat rahbarlari sammiti darajasiga ko‘tarilishi yangi mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish hamda muhim minerallar, energetika va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun sharoit yaratadi.

Bunday sharoitda O‘zbekiston mintaqadagi eng rivojlangan sanoat, ta’lim va institutsional bazaga ega bo‘lgan holda, Koreya Respublikasining Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashi va uzoq muddatli mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirishning asosiy platformalaridan biriga aylanishi mumkin.

 

Azamat Toshev, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom