Voqealar
19.10.2026
|
308
Javlon Vaxabov: “Biz Markaziy Osiyoning geografik joylashuvini o‘zgartira olmaymiz, biroq uning iqtisodiy ahamiyatini o‘zgartirishga qodirmiz”
Joriy yilning 7–8-oktabr kunlari Toshkent shahrida dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalariga bag‘ishlangan Global forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va ekspert-tahliliy doiralar vakillarini oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, transport-geografik cheklovlarni bartaraf etish, bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun bir platformada birlashtirdi.

Forumda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Jahon savdo tashkiloti, Xalqaro savdo markazi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, shuningdek, boshqa xalqaro institutlar vakillari ishtirok etdi.

“Savdo, bozorlarga chiqish va mintaqaviy integratsiya” mavzusidagi sessiyada so‘zga chiqqan Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov so‘nggi o‘n yil davomida Markaziy Osiyoda siyosiy ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan yaxshi qo‘shnichilik va ochiq muloqot tamoyillariga asoslangan siyosat muhim o‘rin tutgani qayd etildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mintaqa davlatlari oldida siyosiy jipslashuvdan o‘zaro bog‘langan bozorlar, ishlab chiqarish zanjirlari, energetika tizimlari va transport tarmoqlarini shakllantirishga asoslangan chuqur iqtisodiy integratsiyaga o‘tish kabi strategik vazifa turibdi.

Shu munosabat bilan uchta ustuvor yo‘nalish belgilab berildi: savdo to‘siqlarini bartaraf etish va transchegaraviy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, suv-energetika sohasidagi o‘zaro to‘ldiruvchanlikni mustahkamlash, shuningdek, transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish hamda ular atrofida yangi ishlab chiqarish va logistika quvvatlarini yaratish.

Markaziy Osiyoning geografik cheklovlarini mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarga aylantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

“Biz Markaziy Osiyoning geografik joylashuvini o‘zgartira olmaymiz, biroq uning davlatlarimiz uchun qanday ahamiyat kasb etishini o‘zgartirishga qodirmiz”, – deya ta’kidladi MOXI direktori.

So‘zining yakunida J. Vaxabov mintaqaviy integratsiyani yanada chuqurlashtirish Markaziy Osiyoni geografik omillar taraqqiyotini cheklab kelgan mintaqadan yangi iqtisodiy imkoniyatlar bilan birlashgan makonga aylantirish imkonini berishiga ishonch bildirdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn