Voqealar
22.04.2026
|
346
MOXI direktori Birlashgan Arab Amirliklari tahliliy markazi prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi
Joriy yilning 14-aprel kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov “Emirates Policy Center” (EPC) tahliliy markazi prezidenti doktor Ebtesam Al-Ketbi bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining ilmiy-tadqiqot hamda tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vaxabov ikki mamlakat tahlil markazlari o‘rtasida tizimli muloqotning o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, ekspert almashinuvini kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishdagi ahamiyatini ta’kidladi, shuningdek “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” formati doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini alohida qayd etdi.

EPC prezidenti Ebtesam Al-Ketbi, o‘z navbatida, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish muhimligini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy munosabatlarni barqaror rivojlantirish hamda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini sifatli ekspert-tahliliy jihatdan ishlab chiqishga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani shu hamkorlikning ahamiyatini yanada kuchaytirishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida amaliy hamda ekspert-tahliliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom