Tadbir Rossiya Fanlar akademiyasining Ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy axborot instituti ko‘magida Kommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy tadqiqot instituti tomonidan tashkil etildi.
Forum Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Gruziya, Serbiya, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining ilmiy-tadqiqot va davlat tuzilmalari vakillarini birlashtirdi.

"Rossiya va Markaziy Osiyo: xavfsizlik, siyosat, mintaqaviy integratsiya masalalari" mavzusidagi ekspertlar sessiyasida Q.Allaberganov Markaziy Osiyoda mintaqaviy birdamlikni mustahkamlashga e’tibor qaratdi.
"Mintaqa davlatlari rahbarlarining ishonchli muloqoti va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli umumiy maqsadlar, vazifalar va ustuvorliklarga ega yagona mintaqa sifatida "Yangi Markaziy Osiyo" shakllanmoqda," - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo-Rossiya muloqotining rivojlanishi yuqori darajadagi o‘zaro ishonch va mustahkam asosga tayanadi, mintaqa mamlakatlarining Rossiya bilan munosabatlari esa strategik sheriklik va uzoq muddatli hamkorlik xususiyatiga ega.
Tadbir yakunida ekspertlar Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama darajada sheriklik aloqalarini mustahkamlashning barqaror tendensiyasini qayd etdilar.