Voqealar
10.06.2026
|
445
MOXI eksperti Shanxaydagi O‘zbekiston–Xitoy forumida ishtirok etdi
Joriy yilning 6–7-iyun kunlari Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktorining o‘rinbosari Sh. Fayziyev Shanxay shahrida «O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarining yangi bosqichi: umumiy qarash va umumiy kelajak» mavzusida o‘tkazilgan «Top-20» O‘zbekiston–Xitoy tahlil markazlari forumida ishtirok etdi.

Tadbir Shanxay xorijiy tillar universiteti (ShXTU) huzuridagi Shanxay global boshqaruv va xalqaro mintaqashunoslik akademiyasi hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi (O‘zbekiston) tomonidan tashkil etildi.

Forum ishida O‘zbekiston va Xitoyning yetakchi tahlil markazlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari qatnashdi. Xitoy tomonidan Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi, Xitoy xalqaro tadqiqotlar instituti, Pekin universiteti, Fudan universiteti va Sharqiy Xitoy pedagogika universiteti vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan esa «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, MOXI, SMTI, TASMXT, PIM, JIDU, IIV Akademiyasi va TDSHU vakillari qatnashdi.

Muhokamalar davomida ikki mamlakat ekspertlari O‘zbekiston–Xitoy hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini, shuningdek mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash hamda «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati doirasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Sh. Fayziyev o‘z nutqida Markaziy Osiyoda ishonchning mustahkamlanishi, o‘zaro bog‘liqlikning ortishi va mintaqaviy muvofiqlashtirishning barqaror mexanizmlari shakllanishi bilan kechayotgan sifat jihatidan yangi transformatsiya jarayoni kuzatilayotganini ta’kidladi.

Ochiq siyosiy muloqot va mintaqa davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli «Yangi Markaziy Osiyo» umumiy manfaatlar, yaxshi qo‘shnichilik va mushtarak taraqqiyot makoni sifatida shakllanayotgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarining har tomonlama va har qanday sharoitga mos strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani ta’kidlandi. Mazkur format savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsion va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Shu bilan birga, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Ushbu format ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, ta’minot zanjirlarini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishning muhim mexanizmi sifatida e’tirof etildi.

Forum davomida xitoylik ekspertlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatning mintaqaviy jarayonlardagi roli ortib borayotganiga yuqori baho berdilar. Ishtirokchilar izchil yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli mintaqa Yevrosiyoning eng barqaror va jadal rivojlanayotgan makonlaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotganini ta’kidladilar.

Ekspertlar gumanitar hamkorlik, akademik mobillik va qo‘shma tadqiqot loyihalarini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Shu munosabat bilan ikki mamlakat ekspert hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik uzoq muddatli sheriklikning muhim qismi ekani qayd etildi.

O‘zbekiston–Xitoy yetakchi tahlil markazlari forumi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi yuqori darajadagi ekspert muloqotining yangi maydoni hisoblanadi. Forum 2025-yil dekabr oyida Shanxay xorijiy tillar universiteti huzuridagi Shanxay global boshqaruv va xalqaro mintaqashunoslik akademiyasi hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan tashkil etilgan.

Mazkur maydonning asosiy vazifasi ekspert hamkorligini rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlarda O‘zbekiston–Xitoy hamkorligini kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom