Uchrashuv davomida ular Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini olish, qayta ishlash va amaliyotda qo‘llash yondashuvlari bilan tanishdi.
«O‘zbekkosmos» mutaxassislari davlat kosmik monitoring tizimining imkoniyatlarini taqdim etdi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida hududlardagi o‘zgarishlarni kuzatish, turli davrlarga oid ma’lumotlarni taqqoslash hamda tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish uchun xolis axborot asosini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Ekologik vaziyat, o‘rmonlar va yashil hududlar holati, yer va tabiiy resurslardan foydalanish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini baholashda kosmik texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tizimning amaliy ishlashi suv omborlarini doimiy kuzatish, qishloq xo‘jaligi yerlarida suv iste’moli, ekinlar holati va yerdan foydalanish samaradorligini baholash misolida namoyish etildi.
Tadqiqotchilar O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarining rivojlanishi bilan ham tanishdi. 2026-yil avgust oyida «O‘zbekkosmos»ning Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi bilan hamkorligi doirasida «Samarqand-2028» giperspektral sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi. Uning bort tizimiga o‘zbekistonlik mutaxassislar ishlab chiqqan sun’iy intellekt moduli integratsiya qilingan bo‘lib, u tasvirlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini beradi.
Uchirilishi 2028-yilga mo‘ljallangan birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldosh — «Mirzo Ulug‘bek»ni yaratish rejalari taqdim etildi. Loyiha mahalliy muhandislarni tayyorlash hamda kosmik apparatlarni loyihalash, boshqarish va ulardan amaliy foydalanish bo‘yicha milliy salohiyatni shakllantirishni nazarda tutadi.
Samarqandda o‘tkaziladigan IAC 2028 Xalqaro astronavtika kongressiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kongress dunyoning yetakchi kosmik agentliklari, ilmiy markazlari va texnologik kompaniyalarini birlashtiradi.
MOXI uchun mintaqaviy jarayonlarni o‘rganishda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish alohida qiziqish uyg‘otadi. Ekotizimlar, muzliklar, yerlar va transchegaraviy suv havzalari holatiga oid o‘zaro taqqoslanadigan ma’lumotlar Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologik o‘zgarishlar tahlilining sifatini oshirish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tadqiqot faoliyatida kosmik texnologiyalardan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Olingan bilimlar va taqdim etilgan amaliy misollar Institutning mintaqa barqaror rivojlanishiga oid tahliliy materiallarini tayyorlashda inobatga olinadi.