Suhbat avvalida MOXI direktori IMEMO vakillarini Institut tashkil etilganining 70 yilligi bilan tabriklab, uning xalqaro tadqiqotlar va ekspert-tahliliy faoliyatni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini qayd etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini, shuningdek, MOXI va IMEMO o‘rtasidagi Hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
Ekspertlar ikki mamlakat tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi faol va tizimli muloqot muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar. Mazkur muloqot o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, ekspert almashinuvini kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Rossiya hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy hamda ekspert-tahliliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.