Voqealar
01.06.2026
|
529
MOXIda Litva tahliliy markazi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Litvaning Vilnyus universiteti qoshidagi Xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar instituti (XMSFI) ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Direktor Javlon Vaxabov XMSFI vakillarini MOXI faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorligining hozirgi jarayonlari va mintaqa davlatlarining "Markaziy Osiyo plyus" platformasi doirasidagi rivojlanib borayotgan o’zaro aloqalarining ustuvor yo‘nalishlarini yoritib o‘tdi.

XMSFI direktori Margarita Sheshelgite O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishining ijobiy dinamikasini, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishini qayd etib, O‘zbekistoning Markaziy Osiyoda barqaror hamkorlik modelini shakllantirishga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidladi.

M.Sheshelgitening so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda tadqiqot va tahliliy tuzilmalarning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega.

O‘z navbatida, XMSFI dotsenti Konstantinas Adriaskas ikki mamlakat tahliliy tuzilmalari o‘rtasida professional hamkorlikning barqaror mexanizmlarini shakllantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Mintaqalararo hamkorlikni, eng avvalo, savdo, ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida chuqurlashtirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan qo‘shma ekspert muhokamalarini tashkil etish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro amaliy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shu jumladan ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama muloqotlar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlik muhokamalarini o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom