Suhbat chog‘ida "Markaziy Osiyo - Koreya" formatidagi hududlararo hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Kotibiyatning MOXI bilan hamkorligini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Direktor J.Vahobov Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, 2007-yildan buyon rivojlanib kelayotgan va hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarini qamrab olgan formatning institutsional barqarorligini ta’kidladi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik, texnologik hamkorlik, inson kapitalini rivojlantirish va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, Kim Yon Uk Markaziy Osiyo Koreya Respublikasi tashqi siyosiy strategiyasining muhim yo‘nalishi sifatida qaralishini ta’kidlab, O‘zbekistonning mintaqaviy birlikni mustahkamlash va "Markaziy Osiyo - Koreya" formatini ilgari surishdagi roli ortib borayotganini ta’kidladi.
Formatni, shu jumladan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va bo‘lajak yetakchilar sammitiga tayyorgarlik ko‘rish orqali ekspert-tahliliy qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekspertlar muloqotini kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.