Voqealar
21.05.2026
|
555
MOXIda Xitoy xalqaro muammolarni o’rganish akademiyasi ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Xitoy xalqaro muammolarni o’rganish akademiyasi vitse-prezidenti Lyu Tsin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat avvalida MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ikki mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan pragmatik sheriklikning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.

Shu nuqtayi nazardan, ekspertlar darajasidagi faol muloqotlar siyosiy aloqani mustahkamlash, yangi g‘oyalarni shakllantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

O‘z navbatida, Lyu Tsin O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar va muntazam muloqotlar ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim o’rin egallaganini ta’kidladi.

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ishonch mustahkamlanishini ta’minlab, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratgani ta’kidlandi.

Xitoy xalqaro muammolarni o’rganish akademiyasining Yevroosiyo instituti direktori Li Tszigoning ta’kidlashicha, Prezident Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan "davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak" davlat boshqaruvi tamoyili Pekinning ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi.O‘zbekiston va Xitoy aholi ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarni faol ilgari surayotgani pragmatik sheriklik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Suhbat chog‘ida xitoylik ekspertlar ikki davlat tahliliy markazlari va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish muhimligiga ham e’tibor qaratdilar.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda "Markaziy Osiyo-Xitoy" formatining muhim o‘rni qayd etildi. Ushbu mexanizm doirasidagi ustuvor vazifalar qatoriga transport, mineral resurslarni o‘zlashtirish, innovatsion texnologiyalar, ekologiya va suvdan foydalanish kabi sohalarda yaqin aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari belgilangan.

Uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro amaliy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shu jumladan ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama muloqotlar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlik muhokamalarini o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Xitoy xalqaro muammolarni o’rganish akademiyasi - Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga qarashli, xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat sohasidagi tadqiqotlarni o’tgazishga ixtisoslashgan tahliliy markaz. Markaziy Osiyo xalqaro instituti 2024-yilda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida Akademiya bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom