Voqealar
21.05.2026
|
553
MOXIda Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha yetakchi tahliliy markazlari ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Inson huquqlari bo‘yicha Xitoy taraqqiyot jamg‘armasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari va bosh kotibi Li Xunkuy boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vaxabov delegatsiya a’zolarini institut faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorligining hozirgi jarayonlari va mintaqa davlatlarining "Markaziy Osiyo plyus" platformasi doirasidagi rivojlanib borayotgan o’zaro aloqalarining ustuvor yo‘nalishlarini yoritib o‘tdi.

O‘z navbatida, Li Xunkuy O‘zbekistonda erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni va O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish natijalarini yuqori baholab, ikki davlat rahbarlarining hissasini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar ikki tomonlama aloqalarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.

Delegatsiya rahbari O‘zbekistonda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar natijasida kambag‘allik darajasi qariyb 35 foizdan 5,8 foizgacha pasayganini alohida ta’kidladi.

Shu bilan birga, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Xalqaro huquq instituti direktori Lyu Xuaven O‘zbekiston va Xitoyning tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollarini qayd etdi.

Inson huquqlarini ta’minlashning muhim asosi hisoblangan kambag‘allikni qisqartirish, qishloq hududlarini rivojlantirish va ta’lim tizimini modernizatsiya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro amaliy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shu jumladan ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama muloqotlar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlik muhokamalarini o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom