Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston–Iordaniya munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, ikki mamlakat ekspert-tahliliy doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Javlon Vaxabov 2025-yilda Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochganini ta’kidladi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitish, jumladan, ekspertlar muloqotini faollashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratgani qayd etildi.
O‘z navbatida, Hasan Muhammad Husayn al-Momani ikki mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, ekspertlar muloqoti Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda kechayotgan jarayonlarni chuqurroq o‘rganish, tadqiqot tajribasi bilan almashish hamda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar MOXI va Strategik tadqiqotlar markazi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspert muhokamalari va o‘zaro manfaatli masalalarga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Iordaniya universiteti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi – 1984-yilda Amman shahrida tashkil etilgan ekspert-tahliliy markazdir. Uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ichki va tashqi siyosat, xalqaro munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot masalalari, shuningdek, Yaqin Sharqdagi asosiy tendensiyalarni o‘rganishni qamrab oladi.