Nutqlar
11.10.2026
|
215
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabovning dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan Global texnik forumidagi nutqi. 2-texnik sessiya: «Savdo, bozorlarga kirish imkoniyatlari va mintaqaviy integratsiya»
2026-yil 7-oktabr, Toshkent sh.

Hurmatli moderator!

Hurmatli hamkasblar!

Muhokamalarning birinchi davrasi yakunida so‘zga chiqayotganim bois, oxirgi ma’ruzachi sifatida menda bir kichik ustunlik bor: eng muhim fikrlarning deyarli barchasi allaqachon aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, muayyan mas’uliyat ham bor – bildirilgan fikrlarni takrorlamaslikka harakat qilish.

Joriy yilda Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichi boshlanganiga o‘n yil to‘lmoqda. Ushbu jarayonning muhim boshlang‘ich nuqtasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yaxshi qo‘shnichilik, ochiq muloqot hamda mintaqaviy masalalar, avvalo, qo‘shni davlatlarning o‘zlari tomonidan hal etilishi lozimligi haqidagi qat’iy yondashuvga asoslangan siyosat bo‘ldi.

Yaqinda Xo‘jand shahridan “Oybek – Fotihobod” chegara o‘tkazish punkti orqali qaytayotib, bir oddiy haqiqat haqida o‘ylab qoldim: bugun chegaradan o‘tish shu qadar odatiy holga aylanganki, biz bunga deyarli e’tibor ham bermay qo‘ydik.

Bundan atigi o‘n yil avval siyosiy muammoga aylanishi mumkin bo‘lgan masala bugun kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

Biroq chegaralarning ochiqligi hali iqtisodiyotlarning integratsiyalashganini anglatmaydi.

O‘tgan yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida to‘planib qolgan ikki tomonlama masalalarni hal etishdan barqaror ko‘p tomonlama muloqotni shakllantirish bosqichiga o‘tildi. Muhimi, biz ongli ravishda moslashuvchan institutsionallashuv yo‘lini tanladik. Ya’ni tashqi modellarni takrorlash yoki davlatlardan yuqori turuvchi tuzilmalarni yaratish o‘rniga, aniq amaliy vazifalarni hal etishga xizmat qiladigan mexanizmlarni shakllantirmoqdamiz.

Mintaqaviy hamkorlikning o‘z konfiguratsiyasi o‘zgarib borayotgani ham alohida e’tiborga molik. O‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon ushbu formatga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shildi. Bu shunchaki ishtirokchilar sonining kengayishi emas. Mazkur o‘zgarish mintaqaviy kun tartibiga savdo, transport, energetika va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarida yangi mazmun olib kirmoqda.

Mohiyatan, ko‘z o‘ngimizda Markaziy Osiyoning yangi, yanada keng qamrovli hamkorlik konfiguratsiyasi bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Bir tomondan, mintaqaning ichki jipsligi mustahkamlanayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qo‘shni iqtisodiy makonlar bilan o‘zaro bog‘liqligi tobora kuchaymoqda.

Ushbu jarayonning muhim tashqi jihati ham mavjud.

Bugungi kunda “Markaziy Osiyo plyus” formatlarining soni o‘ntadan ortiq. Biroq asosiy masala ularning sonida emas.

Muhimi shundaki, tashqi hamkorlar Markaziy Osiyoga tobora ko‘proq beshta alohida bozor sifatida emas, balki umumiy ustuvor yo‘nalishlarni ilgari surishga qodir yaxlit mintaqa sifatida yondashmoqda.

Mening nazarimda, “MO+” formatlari Markaziy Osiyodagi ichki konsolidatsiyaning tashqi maydondagi mantiqiy davomidir.

Ular investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish, transchegaraviy loyihalarni ilgari surish va yangi texnologiyalarni olib kirishga ko‘maklashadi. Eng muhimi, ayniqsa dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Biroq ularning samaradorligini baholash mezoni oddiy bo‘lishi kerak: har bir “MO+” formati Markaziy Osiyo ichidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qilishi, yangi bo‘linish chiziqlarini yuzaga keltirmasligi lozim.

Aynan shu bois biz tahliliy institutlar sifatida ushbu formatlarning bir qatorini AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Turkiya, Hindiston va boshqa hamkorlar bilan maxsus ekspert muloqoti yo‘nalishlari orqali izchil ravishda to‘ldirib kelmoqdamiz.

Siyosiy muloqot strategik yo‘nalishlarni belgilab beradi.

Tahliliy markazlarning vazifasi esa tashabbuslarning amaliy jihatdan amalga oshirish imkoniyatlarini baholash, mavjud to‘siqlarni aniqlash hamda siyosiy kelishuvlarni hukumatlar uchun aniq amaliy takliflarga aylantirishdan iborat.

Avazada bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi arafasida, nazarimda, asosiy savol endi mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy ishonch mavjud yoki mavjud emasligida emas.

Asosiy savol quyidagicha:

biz shu kungacha shakllantirgan siyosiy ishonchni qanday aniq iqtisodiy mazmun bilan boyitishimiz kerak?

2025-yilda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 12 milliard AQSh dollariga yetdi. Bu avvalgi besh yil davomida qariyb ikki barobar o‘sish demakdir.

Biroq bugungi kunda asosiy tafovut siyosiy emas, balki funksional xususiyatga ega:

davlatlarimiz o‘rtasidagi ishonch bozorlarimiz, energetika tizimlarimiz va transport infratuzilmamizning o‘zaro bog‘liqligiga nisbatan tezroq mustahkamlandi.

Shu nuqtayi nazardan, uchta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratmoqchiman.

BIRINCHI – sun’iy to‘siqlarsiz savdo va sanoat kooperatsiyasi orqali investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish.

Yaqinda Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona tinchlik forumida biz Farg‘ona vodiysini alohida hududlar yig‘indisi sifatida emas, balki o‘zaro bog‘langan, ishlab chiqarish jarayonlari turli hududlarda taqsimlangan yagona agrosanoat klasteri sifatida ko‘rib chiqishni taklif etdik.

Oddiy misol sifatida O‘zbekiston uzumini olaylik.

Uni shunchaki tayyor milliy mahsulot sifatida emas, balki uzoqroq mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirining boshlang‘ich bo‘g‘ini sifatida ko‘rish mumkin.

Ya’ni uzum eng qulay tabiiy-iqlim sharoitiga ega hududda yetishtiriladi, uni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash iqtisodiy jihatdan eng samarali bo‘lgan joylarda amalga oshiriladi, eksport esa eng raqobatbardosh yo‘nalish orqali tashkil etiladi.

Boshqacha aytganda, qo‘shilgan qiymatning barcha bosqichlari bir hududda yaratilishi shart emas.

Integratsiya tadbirkor hamkorni uning chegaraning qaysi tomonida joylashganiga qarab emas, balki iqtisodiy samaradorlik asosida tanlay boshlagan paytdan boshlanadi.

Bundan aniq amaliy xulosa kelib chiqadi: bizga transchegaraviy savdo-sanoat zonalari, o‘zaro bog‘langan maxsus iqtisodiy zonalar va qo‘shma ishlab chiqarish maydonchalari zarur.

Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan “Termiz” xalqaro savdo markazi ushbu yondashuvning amaliy samarasini namoyon etmoqda.

Chegara bir iqtisodiyot tugaydigan hudud emas, balki iqtisodiyotlar o‘zaro tutashadigan nuqtaga aylanishi kerak.

IKKINCHI – suv va energetika sohalaridagi o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan foydalanish.

Mening fikrimcha, aynan shu yo‘nalishda so‘nggi yillarda tub o‘zgarishlar yuz berdi.

Ilgari ko‘pincha jiddiy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan suv va energetika masalalari bugun tobora ko‘proq qo‘shma loyihalar, kelishilgan ish rejimlari hamda umumiy resurslarni amaliy boshqarish mexanizmlari orqali hal etilmoqda.

Bu esa mazkur masalaga yondashuvning o‘zini ham o‘zgartirish vaqti kelganini anglatadi.

Endi savol faqat:

“Har bir davlat qancha suv oladi?”

degan masala bilan cheklanmasligi kerak.

Asosiy e’tibor quyidagi savolga qaratilishi lozim:

“Har bir kub metr suv hisobiga qancha qo‘shilgan qiymat yaratyapmiz?”

Mintaqamiz davlatlari turli qiyosiy ustunliklarga ega.

Qirg‘iziston va Tojikiston katta gidroenergetika salohiyatiga ega. Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston esa an’anaviy energetika sohasida salmoqli ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lish bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ham jadal rivojlantirmoqda.

Bizning maqsadimiz bir-biridan ajralgan beshta energetika tizimini saqlab qolish emas, balki o‘zaro bir-birini to‘ldiradigan yagona tizimni shakllantirishdan iborat bo‘lishi kerak.

Amaliy jihatdan bu quyidagilarni anglatadi.

Qish oylarida daryolarning yuqori oqimida joylashgan davlatlar kelishilgan rejimlar asosida suv omborlarida ko‘proq suv to‘plashi, ularning elektr energiyasiga bo‘lgan qo‘shimcha ehtiyojining bir qismi esa mintaqaviy yetkazib berish hisobidan qoplanishi mumkin.

Yozda esa, suv qishloq xo‘jaligi uchun ayniqsa muhim bo‘lgan davrda, kelishilgan suv chiqarish rejimlari bir vaqtning o‘zida sug‘orish ehtiyojlarini ta’minlash va gidroelektr energiyasi ishlab chiqarishga xizmat qilishi mumkin.

Boshqacha aytganda, suv va energetika masalalarini tobora ko‘proq ikki alohida milliy muammo sifatida emas, balki o‘zaro uzviy bog‘liq yagona mintaqaviy iqtisodiy tizim sifatida ko‘rib chiqish zarur.

UCHINCHI – transport bog‘liqligini mustahkamlash.

Bu masala nafaqat iqtisodiy, balki muhim siyosiy ahamiyatga ham ega.

Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakat uchun transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish shunchaki qo‘shimcha logistika qulayligi emas.

Bu iqtisodiy barqarorlikning muhim tarkibiy qismidir.

Men buni quyidagicha ifodalagan bo‘lardim:

Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat uchun eng qimmatga tushadigan taqchillik – bu muqobil yo‘nalishlarning yo‘qligidir.

Shu bois Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, Transkaspiy yo‘nalishi va istiqboldagi transafg‘on transport yo‘laklarini o‘zaro raqobatlashuvchi loyihalar sifatida emas, balki yagona transport tarmog‘ining tarkibiy qismlari sifatida ko‘rish lozim.

Bizga bitta yo‘nalishni tanlash shart emas.

Bizda turli yo‘nalishlar orasidan tanlash imkoniyati bo‘lishi kerak.

Yaqinda Jahon bankining Transkaspiy transport yo‘lagiga bag‘ishlangan yangi hisoboti bilan tanishib chiqdim. Undagi bir xulosa e’tiborimni alohida tortdi: muqobil yo‘nalishlarning mavjudligi savdoning geosiyosiy, infratuzilmaviy va iqlim bilan bog‘liq xatarlarga nisbatan barqarorligini oshiradi.

Demak, diversifikatsiya biror muayyan hamkorga qarshi qaratilmagan.

U yagona transport yo‘nalishiga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan.

Biroq transport yo‘lagining o‘zi hali taraqqiyot degani emas.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bo‘ylab quruq portlar, agrologistika markazlari, qayta ishlash korxonalari, ombor majmualari va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi shakllanishi zarur.

Agar yuk poyezdlari hududimizdan shunchaki o‘tib ketsa, biz tranzit imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Agar temir yo‘l atrofida yangi ishlab chiqarish quvvatlari shakllansa, biz haqiqiy taraqqiyotga erishamiz.

Aynan shu yerda, Avazada, o‘tgan yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida O‘zbekiston Prezidenti tranzit kafolatlarini ta’minlash va logistika integratsiyasiga doir tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Endilikda esa Avaza mintaqamiz davlatlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga mezbonlik qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bunda o‘ziga xos mantiqiy bog‘liqlik mavjud:

dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakatlar duch kelayotgan global muammolar, eng avvalo, amalda samara beradigan mintaqaviy yechimlarni talab etadi.

Hurmatli hamkasblar!

Biz Markaziy Osiyoning geografik joylashuvini o‘zgartira olmaymiz.

Ammo ushbu geografiyaning mamlakatlarimiz uchun qanday ahamiyat kasb etishini o‘zgartira olamiz.

Agar bozorlarimiz, transport yo‘nalishlarimiz, energetika tizimlarimiz va ishlab chiqarish zanjirlarimiz o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlay olsak, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatining yo‘qligi iqtisodiy rivojlanish uchun cheklov bo‘lishdan to‘xtaydi va shunchaki geografik xususiyat bo‘lib qoladi.

Mintaqaviy integratsiyaning navbatdagi bosqichi mohiyati ham aynan shunda – Markaziy Osiyoni geografik omillar bilan cheklangan mintaqadan yangi imkoniyatlar orqali o‘zaro bog‘langan mintaqaga aylantirishdir.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn